8-may, 2026 · 2 daqiqa

Iqtisodiyot o'zi nima?

Fundamental tushunchalarni aniqlashtirdim

Read in English → Substack’da oʻqish ↗

Iqtisodiyot — dunyodagi eng ko’p o’rganiladigan fanlardan biri. Uning tamoyillari butun dunyo bo’ylab qo’llaniladi va minglab yillik tarix davomida o’z ahamiyatini saqlab kelgan. Iqtisodiyot har bir insonning kundalik hayotiga ta’sir qiladi. Shunga qaramay, iqtisodiyot nima ekanligi haqida juda kam umumiy tushuncha mavjud. Iqtisodiyot haqidagi eng keng tarqalgan noto’g’ri tushunchalardan biri bu pul ishlash yoki biznes yuritishni o’rgatadigan fan degan qarash. Yana bir noto’g’ri tushuncha bu kundalik hayotimizda foydalaniladigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish hamda taqsimlash tizimi degan fikr. Ammo bu iqtisodiyot emas. Iqtisodiyotning klassik ta’rifini iqtisodchi Lionel Robbins bergan:

“Iqtisodiyot — muqobil foydalanish imkoniyatlariga ega bo’lgan cheklangan resurslardan foydalanishni o’rganuvchi fan.”

Oddiyroq qilib aytganda, iqtisodiyot mamlakatning turmush darajasini belgilovchi mahsulot ishlab chiqarishga sarflangan resurslardan foydalanish borasida qabul qilingan qarorlar va ularning oqibatlarini o’rganadi. Bu qarorlar va ularning oqibatlari ko’pincha resurslarning o’zidan ham muhimroq bo’lishi mumkin. Chunki boy tabiiy resurslarga ega kambag’al mamlakatlar ham, tabiiy resurslari kam, ammo turmush darajasi yuqori mamlakatlar ham mavjud. Masalan, Venesueladagi tabiiy resurslarning qiymati Shveytsariyadagidan bir necha barobar yuqori, biroq Shveytsariyaning turmush darajasi Venesueladan bir necha barobar ustundir.

Qanday siyosat va institutlarimiz bo’lishidan qat’i nazar, barcha istaklarimizni to’liq qondirish uchun yetarli imkoniyat mavjud emas. Bunday sharoitda “qondirilmagan ehtiyojlar” paydo bo’lishi mumkin. Biz qabul qiladigan har bir qaror murosalar bilan birga keladi. Ana shunday sharoitda muqobil tanlovning qiymati tushunchasi qaysi ehtiyojlarni qondirishni aniqroq ko’rishga yordam beradi. Muqobil tanlovning qiymati degani biror qaror qabul qilganingizda voz kechilgan eng yaxshi alternativaning qiymatidir. Masalan, o’qish o’rniga ikki soat “Game of Thrones” ko’rsangiz, alternativ xarajat faqat vaqt emas — o’qish orqali qo’lga kirita olgan bilim va foyda hamdir. Hukumatlar va bizneslar ham xuddi shunday haqiqat bilan yuzlashadi: resurslarni imkon qadar eng yaxshi yo’nalishga sarflash zarur. Masalan, yangi stadion quradigan, ammo kasalxona qurmaydigan shahar sog’liqni saqlash salohiyatidan ko’ra ko’ngilochar imkoniyatni tanlayapti. Shuning uchun muqobil tanlovning qiymatini tushunish bizga yaxshiroq qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Yana bir muhim tushuncha — rag’batlar. Odamlar ijobiy yoki salbiy rag’batlarga munosabat bildiradi. Soliqlar orqali sigareta narxini oshirsangiz, chekish darajasi odatda kamayadi. Xodimlarga bonuslar va lavozim ko’tarilishini taklif qilsangiz, mehnat unumdorligi odatda ortadi.

Sal avvalroq ta’kidlagan edim: iqtisodiyot pul haqida emas va iqtisodiy qaror qabul qilish uchun pul ishtirok etishi shart emas. Masalan, harbiy tibbiy guruh jarohatlarning turli xillari bilan yaradorlar yotgan jang maydoniga yetib kelganida, ular cheklangan resurslarni muqobil maqsadlarda taqsimlashning klassik iqtisodiy muammosiga duch keladi. Yaradorlarning bir qismi o’lim arafasida va ular uchun deyarli umid yo’q, boshqalari esa o’z vaqtida yordam ko’rsatilsa tirik qolishi mumkin. Agar tibbiy guruh o’z resurslarini, bu holda vaqt va dori-darmonlarni, to’g’ri taqsimlamasa, shoshilinch yordam kerak bo’lmagan bemorlarga vaqt sarflana boshlansa, imkon bo’la turib saqlab qolinishi mumkin bo’lgan yaradorlar halok bo’ladi. Bu — iqtisodiy muammo, garchi unda biror chaqa ham ishtirok etmasa ham.

Ko’pchiligimiz bunday qarorlar haqida o’ylashni ham istamaymiz. Ammo hayot bizdan nima xohlashimizni so’ramaydi. U bizga variantlarni taqdim etadi. Iqtisodiyot esa shu variantlardan eng ko’p naf olishga urinishning bir usuli hisoblanadi.

← Barcha maqolalar

Klaviatura tugmalari

h
Bosh sahifa
w
Maqolalar
l
Kutubxona
a
Men haqimda
s
Sozlamalar
j / k
Keyingi / oldingi
← / →
Javon boʻylab yurish
t
Yorugʻ yoki qorongʻi
u
Tilni almashtirish
?
Shu roʻyxatni koʻrsatish